Hukumat qarori bilan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim toifadagi oilalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.

Nizom Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yashovchi Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga qator xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi. Jumladan:

  • turar joyida artezian qudug‘i qazish;
  • suv nasoslari va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish hamda o‘rnatish.

Subsidiya mazkur xarajatlarning 90%i, biroq BHMning 30 baravaridan (12 mln 360 ming so‘m) ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun ajratiladi.

Ushbu xizmatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlik subyektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Subsidiya oluvchilarning voyaga yetgan muomalaga layoqatli aʼzosi yoki qonuniy vakili “Inson” markazlariga borgan holda yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilish orqali “YMIH” ATda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bunda “Inson” markazi xodimi yoki ijtimoiy xodim subsidiya oluvchilarning voyaga yetgan muomalaga layoqatli aʼzosi yoki uning qonuniy vakili nomidan tizimda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha so‘rov yuboradi.

Tadbirkor belgilangan muddatda subsidiya oluvchilarning turar joyiga yetib borishi hamda artezian qudug‘ini qazishi, suv nasosi va ichimlik suv filtrini o‘rnatishi lozim.

Ishchi guruh tomonidan subsidiya ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani to‘g‘risidagi xabar “YMIH"ga avtomatik ravishda yuboriladi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashga subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi.

Spot, avvalroq, 5-iyundan Xorazmda ichimlik va oqova suv uchun narxlar oshirilishi haqida yozgandi.