Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi talabalar va ularning ota-onalariga ogohlantirish bilan chiqdi.
Xususan, boshqarma ularni “ijarachi” firibgarlarga aldanmaslikka chaqirmoqda. Taʼkidlanishicha, o‘quv yili boshlanish arafasida mamlakatning turli hududlaridan Toshkent shahriga kelayotgan talabalar va ularning yaqinlari internetga joylashtirilgan arzon ijara uylar eʼlonlariga aldanib qolmoqda.
Jumladan, firibgarlar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xonadonlarning suratlarini internetga joylashtirib, arzon narxda ijaraga berish taklifini bildiradi.
Talabalar va ularning ota-onalari shunday narxlarni ko‘rib, uyni olish maqsadida aloqaga chiqishadi. Firibgarlar esa uyni saqlab qo‘yish yoki 2 oylik to‘lov kerak, deb oldindan pul talab qilishadi.
“Afsuski, to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng ular aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlarda bloklaydi. Oqibatda na uy, na pul qoladi”, — deyiladi IIBB ogohlantiruvida.
Boshqarma fuqarolarga hech qachon uyni ko‘rmasdan turib, to‘lovni amalga oshirmaslik kerakligini taʼkidlamoqda.
Shuningdek, har qanday ijara shartnomasini uyni ko‘rgan holda egasi bilan shaxsan uchrashgach tuzish, shaxsiy maʼlumotlarni ishonch hosil qilmaguncha begona shaxslarga yubormaslik so‘ralmoqda.
Avvalroq Spot iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatilgani haqida yozgandi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun $8ni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.