Rossiyadan noqonuniy naqd pul olib chiqish hajmi rekord darajaga yetdi, deya xabar berdi Izvestiya nashri.
Federal bojxona xizmati (FBX) ma’lumotlariga ko‘ra, yarim yil ichida Rossiyada fuqarolar tomonidan naqd pulni noqonuniy tashish bilan bog‘liq 6314 ta holat qayd etilgan.
Noqonuniy valyuta olib chiqilishi eng ko‘p uchraydigan yo‘nalishlar Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Xitoy va O‘zbekiston bo‘ldi.
Shuningdek, noqonuniy pul olib kirish ko‘pincha yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar va Serbiyadan amalga oshirilmoqda.
Bu statistika yuritilgan butun davr mobaynida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida 5449 ta shunday holat qayd etilgan bo‘lib, yillik hisobda bu ko‘rsatkich 15,8% ga oshgan.
2025-yilning olti oyida FBX 6277 ta ma’muriy huquqbuzarlik va 37 ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Qoidabuzarliklarning aksariyati Rossiyadan valyuta olib chiqish bilan bog‘liq bo‘lib, 5125 ta holatni tashkil etdi.
Yil davomida ularning soni 13% ga ko‘paydi. Qolgan ishlar mamlakatga pul olib kirishga oid bo‘lib, 1189 ta holatni (31% ga o‘sish) tashkil etdi.
Jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha noqonuniy olib o‘tilgan pul miqdori 1,2 mrd rublga yetdi. Bu 2024-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 30% ko‘pdir.
Mablag‘larning katta qismi valyutani olib chiqish holatlariga to‘g‘ri kelib, 784,1 mln rublni tashkil etdi. Bojxona xizmati ko‘pincha dollar va yevroning noqonuniy harakatini qayd etmoqda.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.