Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mansabdorlar harakati sabab yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan, yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va ma‘naviy zararning o‘rnini qoplashda yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilib, yetkazilgan zarar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalaridan qoplanadi.
Keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi.
Majlisda qayd etilishicha, ushbu hujjat fuqarolarning mansabdorlar harakati sabab yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta‘minlash hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
2024-yil avvalida fuqarolardan mansabdorlar qarorlari ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini olish bekor qilingan. Talablarni qanoatlantirish rad etilganda davlat boji ularga mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan undiriladi.
Avvalroq, Spot ota-onalarga kontrakt to‘lovlari uchun soliq imtiyozini qo‘llashda yosh chegarasi bekor qilingani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, ota-onalarga farzandining yoshidan qat’i nazar OTMlarda ta’lim olishlari uchun yo‘naltirilgan to‘lovlariga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi.