Farg‘ona viloyatida 4,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan korxona fosh etildi.
O‘zenergoinspeksiya Farg‘ona viloyat boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda Dang‘ara tumanida “R.G.F” MChJga tegishli plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarish sexidagi elektron gaz hisoblagichning nazorat tamg‘alari buzilib, noqonuniy gaz so‘rgich uskunasi o‘rnatilib foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 4,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi ma‘lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Farg‘onada 6 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Qo‘qon shahridagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sexida 2,1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.