O‘zbekistonlik yoshlar bir vaqtda 1900 dan ortiq robot yig‘ib, Ginnes rekordini yangiladi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
18-avgust kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent va mamlakatning boshqa hududlaridan kelgan 1946 nafar yosh muhandis ishtirok etdi.
Natijada, ular tomonidan bir vaqtning o‘zida 1946 ta kichik robot yig‘ilib, bu ko‘rsatkich “Ginnesning rekordlar kitobi"ga yozildi.
“Bu jarayon nafaqat yoshlarning ilmiy-texnik salohiyatini namoyish etdi, balki ularning izlanuvchanligi, jamoaviy hamjihatligi va yangilik yaratishga bo‘lgan intilishini ham yorqin ko‘rsatdi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Maʼlumot uchun, bunga qadar bo‘lgan rekord 1456 ta robot bilan Hindiston tomonidan o‘rnatilgan edi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik yosh muhandislar 2 mingta robot yasab dunyo rekordini yangilamoqchi ekanligi haqida yozgandi.