O‘zbekistonda 2 mingga yaqin xonanda daromadlari to‘g‘risida soliq deklaratsiyasini taqdim etgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Iyun oyi oxirida qo‘mita tomonidan Soliq mobil ilovasida “Konsert-tomosha faoliyati” xizmati ishga tushirildi. Bu xonanda va ijrochilarga yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyani soliq organlariga taqdim etish imkonini beradi.

Jarayon O‘zbekkonsert davlat muassasasining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilinib, soddalashtirilgan. San’atkorlar ilovada shaxsini tasdiqlagach hamda Face ID’dan o‘tgach, xizmatdan avtomatik tarzda foydalanishlari mumkin.

Bugungu kunga qadar konsert-tomosha faoliyati litsenziyasiga ega bo‘lgan 1 954 nafar xonanda o‘z daromadlari to‘g‘risida soliq deklaratsiyasini taqdim etgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p deklaratsiya topshirgan hudud Xorazm viloyati bo‘ldi — 294 nafar san’atkor. Undan keyingi o‘rinda 291 nafar xonanda bilan Toshkent shahri, 212 nafar Buxoro viloyati turibdi. Kuchli beshlikni Samarqand (207 nafar) hamda Toshkent (157 nafar) viloyatlari yakunladi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi idora tomonidan konsert-tomosha faoliyati vakillari o‘rtasida #mendeklaratsiyatopshirdim_challenge va #яподаюдекларацию xeshteglari ostida chellendj boshlanganini qo‘shimcha qilgan.

Joriy yilning aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2027-yildan san’atkorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va soliqqa tortish tartibi kuchaytirilishini ma’lum qilgandi. O‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmagan yoki soliqlardan qochgan san’atkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi. 2025−2026 yillar davomida tizim tartibga solinib, qonunchilik asosida daromadlarni soliqqa tortish yuzasidan ishlar olib boriladi.

Avvalroq, Spot ota-onalarga kontrakt to‘lovlari uchun soliq imtiyozini qo‘llashda yosh chegarasi bekor qilingani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, ota-onalarga farzandining yoshidan qat’i nazar OTMlarda ta’lim olishlari uchun yo‘naltirilgan to‘lovlariga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi.