O‘zatom agentligida 18-avgust kuni Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jomart Aliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda xavfsizlik, seysmik barqarorlik, ekologiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u bergan holda, atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ikki mamlakatda AES qurilishi uchun potensial maydonlarning seysmik xavfsizligi jihatlarini ko‘rib chiqdi.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Qozog‘istonning AES qurilishi loyihasi doirasida muhandislik-qidiruv ishlariga kirishganini “katta quvonch”, deya baholadi.
“Bu mamlakatlarimiz bir-biriga o‘xshash rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotgan o‘ziga xos davrdir va shuning uchun bizda ko‘plab o‘zaro bog‘liqlik nuqtalari mavjud. Biz tez-tez uchrashib turishimiz, tajriba almashishimiz va birgalikda yangi ufqlarni ochishimiz kerak — energetikadan tortib tibbiyotgacha, qishloq xo‘jaligi va suvni tozalashgacha, bu yerda yadroviy texnologiyalar xalqlarimizga foyda keltirishi mumkin”, — dedi u.
O‘zbekiston tomoni yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro huquqiy vositalarni implementatsiya qilish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ma‘lumot berdi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tomonidan xavfsizlik sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi.
Mamlakatlar o‘rtasida radiatsiyaviy xavfsizlik va ma‘lumotlar almashinuvi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan radiatsiyaviy va ekologik vaziyatni monitoring qilishning qo‘shma tizimi masalalariga alohida e‘tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning avariya holatlariga tayyorgarligini oshirishga imkon beradigan tezkor javob mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi sa‘y-harakatlar muhim ahamiyatga ega ekani ta‘kidlandi.
“Kelishimizdan maqsad — bir xil xatolarni qayta takrorlamaslik uchun siz duch kelayotgan masalalarni muhokama qilish. Biz ma‘lum darajada parallel qadamlar bilan borayotganimizni tushunamiz. Shuning uchun bu yerda faqat konstruktiv yondashuv, tajriba almashish masalasi bor”, — dedi Jomart Aliyev.
Bundan tashqari, delegatsiyalar atom sanoati uchun mutaxassislar tayyorlashda tajriba almashish, jumladan, “MMFI” MTYAU Toshkent filiali negizida qo‘shma ta‘lim dasturlarini yaratish muhimligini muhokama qildi.
Tomonlar xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta‘minlash uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Avvalroq, Spot O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev kichik AESni qurish loyihasi bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari yakunlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi. Davlat rahbari bo‘lajak stansiyaning birinchi betonini 2026-yilning mart oyida quyishni topshirdi.