Tailand sayyohlarga kriptovalyutalarni batlarga almashtirishga ruxsat beradi, deya xabar berdi Bloomberg mamlakat moliya vaziri Pxichay Chunxavachirga tayanib.
Qirollik hukumati xorijlik sayyohlar uchun mamlakatda bo‘lish vaqtida xarajatlarni to‘lash uchun raqamli aktivlarni batlarga aylantirish bo‘yicha cheklovlarni yumshatmoqchi.
TouristDigipay deb nomlangan, 18 oy davom etadigan pilot loyiha to‘rtinchi chorakda (oktabrdan dekabrgacha) tartibga soluvchi qum qutisi doirasida ishga tushiriladi.
“Biz xorijiy sayyohlarning Tailandda bo‘lishini iloji boricha osonlashtirish uchun barcha choralarni ko‘rmoqchimiz”, — dedi amaldor matbuot anjumanida. (Bloomberg keltirgan iqtibos).
Kommersant nashri aniqlik kiritishicha, xorijliklarga oyiga 500 ming batdan ($15,4 mingdan) ko‘p bo‘lmagan miqdorni konvertatsiya qilishga ruxsat beriladi. Biroq, bu cheklov sinov muddati yakunlangandan so‘ng — 2027-yil boshida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bloombergning qayd etishicha, Tailand hukumati yilning birinchi yarmida Xitoydan sayyohlar oqimining 33% ga pasayishini qoplash uchun Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan sayyohlar oqimini ko‘paytirishni kutmoqda. Shu sababli Tailand 2025-yilda xorijiy sayyohlar soni bo‘yicha prognozni 10% ga — 33 mln kishigacha pasaytirdi.
Tailand 1-maydan boshlab sayyohlar uchun kirish qoidalarini o‘zgartirdi. Chet elliklar mamlakatga kelishlaridan 3 kun oldin maxsus platforma orqali kirish ruxsatnomasini olishlari shart.
Shuningdek, Tailand bosh vaziri Pxetxongxan Chinavat chet ellik sayyohlar uchun vizasiz rejimni qayta ko‘rib chiqish va uni 60 kundan 30 kungacha qisqartirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qaror qirollik qonunlarining keluvchilar tomonidan ko‘p marotaba buzilishi bilan bog‘liq.
Avvalroq Spot Tailand $1 mln evaziga “oltin viza” joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Bu tizim orqali chet elliklar mamlakatda doimiy rezident maqomini olishlari mumkin bo‘ladi.