Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda “Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida sanitariya, veterinariya va karantin organlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, to‘liq raqamlashishi aytildi.
Endilikda tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmasdan, barcha hujjatlarni “yagona darcha” prinsipi asosida bir joydan oladigan bo‘ladi. Bu ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshiradi.
Prezident tadbirkorlarda davlat xaridlari va birja savdolarida ishtirok etish bo‘yicha ham ko‘plab savollar to‘planib qolganini taʼkidlab, yaqin orada bu masalaga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, barcha muammolarga yechimlar berilishini qayd etdi.
Davlat organlari va tabiiy monopoliya subyektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda, barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
“Biznes uyushmalari qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi. Shu bois, o‘z sohasining jonkuyari bo‘lgan eng ilg‘or 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni to‘plab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini o‘rgatsa, yangi bilim va texnologiyalar olib kirsa, tadbirkorlikdagi ko‘p muammolarni biznes hamjamiyatni o‘zi hal qila oladigan bo‘ladi. Bunday yo‘ldan borib, tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘ladigan uyushmalarni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi davlat rahbari.
Ularning aniq natijaga qaratilgan dasturlari, loyiha va tadbirlarini moliyalashtirish uchun har yili $10 mln ajratiladi.
Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida Kichik biznes uyushmasi tashkil etilishi aytilgan edi. Uyushma raqobatbardosh bo‘lish, yangi bozorlarga kirib borish, standart, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish hamda startaplarni yuzaga chiqarib, ko‘paytirishga yordam berishi ta’kidlangandi.
Avvalroq mahsulotlarini marketpleyslarda sotgan tadbirkor va hunarmandlarga QQSni qaytarib olish imkoni yaratilishi haqida xabar berilgandi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida “ochiq banking” tizimi joriy etiladi.