Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda manzilli ishlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi:

  • kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni sunʼiy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy taʼminotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish;
  • joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30%ga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini esa 60%ga yetkazish.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida IIV Akademiyasida masofaviy taʼlim shakli joriy etiladi.

Bundan tashqari, bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Qaror bilan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyaning asosiy maqsadi — mahallalarda alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar bilan ilmiy-amaliy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhitni yaratishdir.

Konsepsiyaga ko‘ra, tuman IIO boshlig‘i va prokurorning xizmat xonasi 2025-yil yakunigacha bevosita mahallada tashkil etilib, kundalik ishining boshlanishi va yakuni aynan o‘sha yerda amalga oshiriladi.

Mahallalarda bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy profilaktika obyektlari, ayniqsa, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turarjoy va uylar oldida “tashvish” tugmalari o‘rnatiladi.

Avvalroq deputatlar mansabdorlar tomonidan yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha qonun loyihasini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Yetkazilgan zarar hokimliklar huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalari orqali qoplanadi. Keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi.