Google kompaniyasi o‘ziga tegishli YouTube videoxostingida bolalar ma’lumotlarining maxfiyligini buzgani haqidagi jamoaviy da’voni hal qilish uchun $30 mln to‘laydi, deya xabar bermoqda Reuters.
Da’vo arizasida aytilishicha, Google maqsadli reklamalarni ko‘rsatish uchun YouTube videolarini tomosha qilayotgan bolalarning ma’lumotlarini to‘plagan.
Shu bilan birga, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ma’lumotlarini ularning ota-onalari roziligisiz to‘plash amaldagi COPPA (Children's Online Privacy Protection Act) qonunchiligiga muvofiq noqonuniy hisoblanadi.
Google barcha ayblovlarni rad etsa-da, ishni to‘lovlar bilan hal qilishga rozi bo‘ldi. Shunday qilib, 2013-yil 1-iyuldan 2020-yil 1-aprelgacha bo‘lgan davrda 13 yoshdan kichik bo‘lgan holda YouTube’ni tomosha qilgan 45 mln amerikalik bu to‘lovlarga da’vogar bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, kompaniya yosh foydalanuvchilarning ma’lumotlarini himoya qilish choralarini kuchaytirish va platformadagi maxfiylik siyosatini yangilash niyatida ekanligini bildirdi.
Shuningdek, u jarima to‘lanishi qoidalarga rioya etilishini ta’minlashga va kelajakda shunga o‘xshash qoidabuzarliklarning oldini olishga yordam berishini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Yevropaning minglab mehmonxonalari noqonuniy amaliyotlari uchun Booking.com saytini sudga berishi haqida yozgandi.
Da’vo arizasiga ko‘ra, mehmonxonalar kuchli bosim ostida saytda eng qulay narxni taqdim etishga majbur bo‘lib, boshqa platformalar, jumladan, o‘z veb-saytlarida ham xonalarni arzonroq narxda taklif qilmaslikka rozilik bergan.