Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda 2026-yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilindi. Bu orqali tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida ERI olish, hisobraqam ochish va xabarnoma jo‘natish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Uchrashuvda prezident qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda biznes rivojlanishi, investitsiya muhiti jozibador bo‘lishini ta’kidladi.
Mamlakatda ishbilarmonlar sinfi shakllanib ulgurgani, ular shunchaki tadbirkor emas, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlarni rivojiga katta hissa qo‘shayotgan faol investorlarga aylangani qayd etildi.
Shuningdek, an’anaviy sarmoyalar bilan birga venchur, bond, kraudfanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham jadal rivojlanmoqda.
Investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish bo‘yicha yuzlab hujjatlar borligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev endi ularning barchasini yagona, bevosita amal qiladigan qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi dedi.
Bu hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
“Parlamentimiz yangi kodeksni ishlab chiqishda Jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlik qilsa, o‘ylaymanki, bu ham katta samara beradi”, — dedi prezident.
Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, barcha islohotlarimiz negizida, eng avvalo, inson qadri, tadbirkorlarimizning manfaatlari yotibdi. Shu bois sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy siyosat olib boramiz. Bugungi tadbirkor, bu — kechagi tadbirkor emas. Ularning huquqiy savodxonligi oshganini sudlarga murojaat ko‘payganida ham ko‘rish mumkin.
Endilikda tadbirkorlar iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Sudlarning moddiy zararni undirish bo‘yicha qarorlari ijrosi kechikayotgan holatlar borligiga e’tibor qaratildi.
Aslida, undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlikning har bir kechikkan kuni tadbirkorning zarariga ishlamoqda. Shuning uchun xalqaro tajriba asosida “astrent” tizimi joriy qilinadi.
Bunda moddiy zararni qoplash kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undirish sud qarorida aniq belgilab qo‘yiladi.