Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘tgan sakkiz yilda mamlakatga $230 mlrd investitsiya jalb qilingani, shundan $120 mlrddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi qayd etildi.

Uchrashuvda taʼlimda xususiy sektor uchun keng yo‘l ochib berilgani hisobiga oxirgi 8 yilda xususiy bog‘chalar soni 31 mingga, maktablar esa 645 taga yetgani aytib o‘tildi.

Endilikda bog‘cha qamrovi 70−80% dan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beriladi. Bu tumanlardagi bog‘cha va maktablarni bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi.

Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi.

Ushbu tumanlardagi boshqa joylarda bog‘cha tashkil qilaman, degan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha 18% li imtiyozli kredit ajratiladi, faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer tekinga beriladi, ularga ijtimoiy soliq 1% bo‘ladi, tarbiyachilarining maoshi uch yilgacha to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, muloqotda xususiy tibbiyotda to‘plangan ulkan tajriba, yangi texnologiyalar, malakali kadrlar tadbirkorlar uchun bu soha jozibadorligini oshirib, sifatni yaxshilashga turtki berayotgani aytildi. Buni 7 yilda xususiy klinikalar 3,5 mingdan 8,5 mingtaga ko‘payganida ham ko‘rish mumkin.

“Sizlar bilan birga O‘zbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirishimizga ishonaman. Buning uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasini qilib berishga tayyorman”, — dedi prezident.

Xususan, chegara hududlarda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinadi.

Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun $200 mlnlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 17% li arzon kreditlar beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda xususiy klinika ochishga $140 mln so‘mgacha ajratilishi haqida xabar berilgandi.