Tadbirkor yoki rahbar deyilganida ko‘pchilikning ko‘z oldida erkin ish grafigida faoliyat yuritadigan inson gavdalanadi. Ammo ayniqsa ayollar uchun bu jarayon oson emas: ish, oila va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni topish, ko‘p vazifani birdek bajarish va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash alohida mahorat talab etadi.

Spot turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan ayollar bilan suhbatlashdi. Ular kunlarini qanday tashkil etishi, ustuvor vazifalarni qanday belgilashi va o‘zlaridagi ichki “olov"ni qanday saqlab qolishi haqida so‘zlab berishdi.


ayollar, time management

Charos Kamalova,

Teplo loyihasi asoschisi.

Odatda kunimni soat 08:00 atrofida boshlayman — dam olish kunlari esa biroz kechroq uyg‘onaman. O‘tgan yili Chevening stipendiyasini qo‘lga kiritib, magistratura bosqichida o‘qish uchun oilam bilan Londonga ko‘chib keldik.

Bu yerda vaqt Toshkentdan orqada bo‘lgani sababli ertalab qiladigan birinchi ishim — telefonimni tekshirish: xabarlar joyidami, zudlik bilan bog‘lanishni talab qiladigan holatlar yo‘qmi — shularni aniqlayman.

Londonga ko‘chib kelganimizda bir vaqtning o‘zida bir nechta masala ustida bosh qotirishga to‘g‘ri keldi: uy-joy, maktab, yangi muhitga ko‘nikish — bir tomonda, Toshkentdagi loyihalar davom etib turgan — boshqa tomonda.

Shu orada dizaynerlar bilan 6 oylik pop-up do‘kon ham ochdik. O‘sha paytlar katta bosimni his qilganim esimda. Bir vaqtning o‘zida ishlar ko‘payib, masshtabi ortsa men uchun stressli holatga aylanadi. Ana shunday vaziyatda muvozanatni saqlash nihoyatda qiyin bo‘ladi.

Bunday vaziyatlarda eng avvalo turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashaman. Qaysi masala ustuvorligini belgilaymiz, muhim bo‘lmaganlarini keyinga qoldiramiz. Agar barchasi e’tibor talab qilsa, jamoamizni kengaytirish, vazifalarni boshqalarga ishonib topshirish haqida o‘ylaymiz.

Hozir ta’til davri bo‘lgani uchun kunim nonushta bilan davom etadi. O‘quv yili boshlanganda esa, men yoki turmush o‘rtog‘im bolalarni tayyorlab, maktabga olib boramiz. Keyin esa Zoom qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlarga sho‘ng‘ib ketaman.

Biroq doimo kun davomida eng muhim vazifalar uchun alohida vaqt qoldirishga harakat qilaman. Bugungi holatimda bu — dissertatsiya yozish va sentabr oyida o‘tkaziladigan festivalga tayyorgarlik. Kunduzi bolalarni maktabdan olib, ular bilan vaqt o‘tkazishga intilaman. Kechqurun esa oilam bilan bo‘lish yoki hobbi orqali dam olish menga quvonch bag‘ishlaydi.

Nazarimda, ish va hayot o‘rtasidagi muvozanat faqat ayol kishining emas, erkak kishining ham mas’uliyatidir. Oila boshlig‘i bu muvozanatni saqlashga harakat qilsa, ayolning yelkasidan og‘irlik ancha kamayadi. Bizda ham shunday: turmush o‘rtog‘im bilan barcha masalalarni birgalikda hal qilamiz, shaxsiy hayotimiz, dam olish va oilaviy rejalarni birgalikda belgilaymiz.

Hammasiga ulgirish — bu real emas. Faqatgina muhim, prioritet bo‘lgan narsalarni aniqlash hamda shu masalalarda fokusni ushlashni o‘rganish kerak. Buni esa har kim o‘zi uchun aniqlaydi. Qolgan masalalarda esa yordam so‘rash yoki boshqalarga topshirish lozim.


ayollar, time management

Nozima Ruzmetova,

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari.

Rahbarlik lavozimimdan tashqari men ona, rafiqa hamda Bank-moliya akademiyasi 2-bosqich magistrantiman. Hayotimda bir nechta rolni uyg‘unlashtirishimga to‘g‘ri keladi, va shunday paytlarda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash tamoyillari yordamga keladi. Eng asosiy qoida — portretlarni aniqlash va eng ta’sirchan vazifalarni oldinga qo‘yish.

Tunda uyquga ketishdan oldin xayolimda ertangi kunimni ko‘z oldimdan o‘tkazaman: avval bu ish, keyin bunisi. Ertalab uyg‘onganimda esa qiladigan ishlarim aniq bo‘ladi. Xotiraga signal bersangiz, u qiladigan ishlaringiz ketma-ketligini eslatib turar ekan.

Odatda kunlik reja tuzaman. Bugunimiz bor, erta esa kelajak, o‘tgan kunimiz o‘tmishga aylangan, men uchun bu oltin gap. Shunday qilib, kunimni ertalab soat 06:00 da oshxonadan boshlayman: nonushta va tushlikni tayyorlab qo‘yaman. Nonushta vaqtida bolalarim bilan suhbatlashishga, ularning mehr va e’tiborimni his qilishlariga alohida ahamiyat beraman. Chunki kunimning birinchi yarmi bosh qahramonlari — farzandlarimdir.

Shu bilan birga, uyning saranjom turishi, ovqatlarning vaqtida tayyor bo‘lishi, bolalarni ertalab kiyintirib bog‘chaga jo‘natib, soat 09:00 da ish joyimda bo‘lishim, bu orada o‘zimni tartibga keltirishga ulgirishim ham kerak. Dangasalikdan voz kechganman — men uchun shaxsiy hayot va ish o‘rtasidagi muvozanat eng katta qadriyat. Axir vaqt hech kimni kutib turmaydi.

Kunning ikkinchi yarmini esa ishda o‘tkazaman. Bu joy mening ikkinchi uyimga aylanib ulgurgan. Ish xonamning tozaligi va tartibi ham bejiz muhim emas — bu mening kayfiyatim va samaradorligimga bevosita ta’sir qiladi.

Hammasiga ulgirishning siri aslida juda oddiy: bu ishtiyoq va erta uyg‘onishda. Agar inson nimanidir chin dildan istasa, albatta erishadi. To‘siqlar yo‘lda uchrashi tabiiy, lekin ularga yechim topish mumkin. Ha, imkoniyatlarimiz chegaralangan bo‘lishi mumkin, ammo zamonaviy texnologiyalar bu yukni ancha yengillashtiradi.

Ishda esa eng katta kuch — bu jamoa. Har bir xodimning imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanilsa,barchasiga ulgursa bo‘ladi.


ayollar, time management

Laylo Rustamova,

IT Education Association’da PR bo‘limi rahbari.

Kunim erta boshlanadi. Ko‘zimni ochganimda birinchi bo‘lib qiladigan ishim — ijtimoiy tarmoqlar va ulardagi yangiliklarni ko‘zdan kechirish. Bu orqali tun davomida yuz bergan voqealardan xabardor bo‘laman va dunyoda, tarmoqda qanday kayfiyat hukm surayotganini his qilaman.

Hozir farzandlarim ta’til damida bo‘lgani uchun maktabga tayyorlash tashvishidan ozodman — bu esa menga biroz kengroq nafas olish, ishga xotirjamroq yo‘l olish imkonini beradi.

Kunimni chiroyli nonushtasiz boshlay olmayman, ulgursam uyda televizordagi ko‘ngilochar tongi dasturlarni ko‘rib nonushta qilaman, ulgurmasam ishxonadagi qahva mashinasida qahva tayyorlab nonushta qilib olaman. To‘g‘risini aytsam, ijodkorlik ruhi meni darrov ish rejimiga kirib ketishga biroz yo‘l qo‘ymaydi. Kunlik ish tartibimga videokontentlar yaratish, yangi storitellinglar yozish ham kiradi.

Ona sifatida esa kun tartibimning eng muhim bandlaridan biri — farzandlarim bilan suhbatlashish. Ularning ta’tildagi vaqtini mazmunli o‘tkazishi mening mas’uliyatim. Ish jarayonida ham ularga albatta qo‘ng‘iroq qilib, nima bilan shug‘ullanayotganlarini so‘rab turaman.

Men uchun hammasiga ulgurish siri — hayotga muhabbat va yashash ishtiyoqida. Shu kuch insonni ilhomlantiradi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga va bir kun ichida ko‘p narsaga yetishga qanot bag‘ishlaydi.


ayollar, time management

Nilufar Ruzieva,

Investment Banking Associate at UBS.

Men erta turishni yoqtiradigan odamlardan emasman — o‘zimni boyqushga o‘xshataman. Chunki kechki paytlarda samaraliroq ishlayman. Shunga qaramay, kunim odatda soat 07:00—07:30 atrofida boshlanadi.

Amerikada yashab va ishlayotganim uchun, bu vaqt ular uchun “kech” sanaladi: odamlar tonggi 05:00—06:00 da yugurishga yoki sport zaliga shoshilishadi. Bu yerliklar uchun ertalabki jismoniy mashg‘ulot hayot tarzi va kundalik intizomning muhim qismidir.

Men ham tig‘iz jadvalimga qaramay, sportni kunda emas, haftada bir necha bor hayotimga singdirishga harakat qilaman. Odatda uch marta zalga boraman, imkon topilsa pilates mashg‘ulotlarida qatnashaman. Kechki ovqatdan so‘ng ko‘pincha yana ishga qaytaman — bu odatda tunda ham davom etadi va uyquga bor-yo‘g‘i 4−5 soat qoladi.

Dam olish kunlari imkon qadar o‘zimni tiklanishga harakat qilaman: to‘yib uxlayman, ba’zida sakkiz soatdan ham ko‘proq. Bo‘sh vaqtimni golf maydonida yoki tennis kortida o‘tkazish menga zavq bag‘ishlaydi. Spa-salonlarga tashrif esa mashaqqatli haftadan so‘ng tanam va ruhimni yangilashning eng yaxshi vositasiga aylanadi.

Barcha ishlarga ulgurishimda zamonaviy texnologiyalar katta yordam bermoqda. Vazifalarni aniq tartibga solish, ustuvorliklarni belgilash va diqqatni jamlash uchun sun’iy intellekt asosidagi ilovalar va rejalashtirish xizmatlaridan foydalanaman. Bu har bir daqiqa hisobda bo‘lgan tezkor ish muhitida hayotni ancha yengillashtiradi.

Shunday qilib, barcha ishlarga ulgurish siri — vaqtni ongli boshqarish va ustuvorliklarni to‘g‘ri tanlashda. Nyu-Yorkda yashab, bir narsaga amin bo‘ldim: bu shahar odamlari vaqtni behuda o‘tkazmaydilar. Agar qo‘llarida ortiqcha bir soat paydo bo‘lsa, uni sportga, yangi bilimga yoki shaxsiy rivojlanishga sarflashadi. Men ham asta-sekin shu yondashuvni o‘zimga singdiryapman. Kundalik faoliyatimni shunday yo‘lga qo‘yyapman-ki, hatto eng qisqa tanaffuslar ham mazmunli va foydali o‘tsin.