Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumanida qurilayotgan yangi uylardan biriga qazilgan handaq sabab, qo‘shni uydagi yer o‘pirilib tushgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, tumanning Salar ko‘chasi, Dilbuloq mahallasidagi qurilish ishlari Lyuks loyiha korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.

Loyiha uchun Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi hamda Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi korxonasining ijobiy xulosalari olingan. Qurilish obyektining A-bloki inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan.

Shu kunga qadar inspeksiya tomonidan obyektda 10 marta monitoring o‘tkazilib, 11 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, qurilish me‘yor va qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli buyurtmachi ikki marotaba ma‘muriy javobgarlikka tortilgan.

Biroq, loyihaning G4-bloki bo‘yicha Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan xulosa olinmagan. Mazkur blok esa inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish ishlari noqonuniy boshlangan.

Holat yuzasidan inspeksiya tomonidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma‘lumot berilgan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida buyurtmachi O‘zkommaishiysavdo korxonasi tomonidan G4-blok uchun kotlovan qazish ishlari olib borilayotganda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgani aniqlandi. Natijada kotlovandagi sizot suvlarini chiqarish imkoni bo‘lmagan, suv darajasi ko‘tarilib ketgan.

Buning oqibatida esa qo‘shni Grand Capital korxonasi tomonidan ilgari qurilgan yerosti avtomashina turarjoyining qayta ko‘milgan joylarida tuproq siljishi yuz berib, sirpanishga sabab bo‘lgan.

Iyul oyida Qurilish vazirligi qoidabuzarliklar tufayli Toshkentdagi uchta turar-joy majmuasi: Sergeli City, Uchtepa City va Strong Cities qurilishini to‘xtatgan edi.

Poytaxt hokimligi Toshkentda 59 ta obyektda qurilish ishlari to‘xtatilganini ma’lum qildi. Eng ko‘p noqonuniy qurilishlar Yangihayot tumanida aniqlangan. Kuchli uchlikka Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari kirdi.

Undan keyin Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxtda faoliyat yuritayotgan qurilish kompaniyalarining holatini tekshirish uchun maxsus sayt ishga tushirildi. Foydalanuvchilar muayyan quruvchi tashkilotning faoliyati to‘xtatilgani yoki yo‘qligini onlayn tarzda bilib olishlari mumkin.

Kompaniyalarni tekshirish sahifasi shr-tashkent.uz/qurilish/ manzilida joylashgan. Xizmatdan foydalanish bepul. Tekshirish uchun qurilish kompaniyasining yuridik shaxsi nomini kiritish talab etiladi va alohida loyihalar bo‘yicha ma’lumot bermaydi.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi bir qator turar-joylar va binolar qurilishi to‘xtatilgani haqida yozgandi.