Avvalroq 22-avgust kuni Turkmanistonda Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni taʼminlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev, Gurbanguli Berdimuhamedov va Ilhom Aliyev Qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, Tovar-xomashyo birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.

Xususan, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Memmetkan Chaqiyev va O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov o‘rtasida “Kema qurilishi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi” imzolandi.

Shu bilan birga, Mahkamov va “Turkmenxovayollar” davlat xizmati raisi Dovran Saburov tomonidan “Fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida"gi bayonnoma imzolandi.

Turkmaniston Davlat tovar-xomashyo birjasi raisi Botir Volsaxatov va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “Birjalar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim"ni imzoladi.

Ozarbayjon temir yo‘llari raisi Rovshan Rustamov, Turkmaniston temir yo‘l transporti vaziri Mamed Akmamedov va O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov “Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi, Turkmaniston temir yo‘l transporti vazirligi va O‘zbekiston Transport vazirligi o‘rtasida transport-logistika sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi"ni imzoladi.

Avvalroq, Spot Shavkat Mirziyoyev yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.