O‘zbekistonda ish qidirish bo‘yicha so‘rovlar soni taklif oshganiga qaramay kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhida keltirilgan.

Onlayn ochiq manbalarga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida mehnat bozorida taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari sonining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Biznes birinchi chorakka nisbatan 28,7% ga ko‘p ish o‘rinlari e’lon qildi, ularning salmoqli qismi savdo (19,4%), umumiy ovqatlanish (17,5%) va ishlab chiqarish (16,8%) tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Aprel-iyun oylarida asosan maxsus ko‘nikma va malakaga ega ish qidiruvchilar tomonidan foydalaniladigan manbalarda faol rezyumelar soni o‘sishda davom etdi. Asosan savdo, xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama sohalarida arizalar soni sezilarli oshgan.

Shu bilan birga, joriy yil davomida onlayn ish qidirish faolligi dinamikasi so‘nggi yillarga nisbatan pasayish tendensiyasini namoyon etdi.

Markaziy bank vakansiyalar sonining o‘sishini mavsumiy omillar, jumladan iqtisodiy faollikning jonlanishi va talabning oshishi bilan bog‘ladi. Biroq, onlayn ish qidirish faolligi pasayishi talab va taklif o‘rtasida nomutanosibliklar kuzatilayotganligini bildiradi.

Shu bilan birga, bunga maxsus ko‘nikma va malakaga ega ishchilarga bo‘lgan talab, bunday xodimlarning yetishmasligi yoki talab darajasidagi rezyumelarning yo‘qligi ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy faollik bo‘yicha so‘rovnoma natijalari kelgusi oylarda ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi pasayayotganligini ko‘rsatmoqda. Ikkinchi chorakda 30,2% tadbirkorlar kelgusi uch oyda ish o‘rinlari sonini oshirishini bildirishgan.

Ish o‘rinlari sonini joriy holatda saqlab qolishni bildirganlar ulushi o‘sgan — birinchi chorakdagi 56,4% dan ikkinchi chorakda 61,2% gacha. Bu kelgusi chorakda biznes talabning o‘sishi saqlanib qolishini, biroq pastroq shakllanishini kutayotganligini va ishchi kuchini moslashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganligini ko‘rsatadi.

Natijada, qisqa muddatli oraliqda iqtisodiy o‘sishning tezlashishi, ishsizlik darajasining pasayishi hamda talab tomondan narxlarga bosim ortishi kuzatilishi mumkin.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar soni o‘sishda davom etmoqda. 1-iyul holatiga YTTlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6% ga oshib, 296 ming nafarni tashkil etdi, o‘zini-o‘zi band qilganlar esa 1,5 barobarga ko‘payib, 5,5 mln nafarga yetdi.

So‘nggi davrlarda mamlakat iqtisodiyotida izchil o‘sish barqaror davom etmoqda. Ayniqsa, bu 2024-yil davomida hamda joriy yilning o‘tgan davrida yaqqol namoyon bo‘lgan. Mehnat bozorida bosimning kuchayishi — ishsizlikning pasayishi bilan bir vaqtda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ortib borishi kuzatilgan.

Birinchi yarim yillikda ishsizlik darajasining pasayishi sekinlashuvi sharoitida ish o‘rinlari soni sezilarli oshdi. Iqtisodiyot kattalashayotganiga qaramay, mehnat bozorida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik saqlanib qolmoqda.

Avvalroq ish beruvchilarga xodimlar mehnati uchun kunlik to‘lov tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun ishchilar elektron mehnat shartnomasini tuzgan hamda raqamli platformalarda elektron hamyonga ega bo‘lishi kerak.