Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan oliy ta’lim tashkilotlari va akademik litseylarda yangi 2025/2026-o‘quv yilini boshlash sanalari tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari va oliy ta’lim tashkilotlarining 1-bosqich talabalari uchun dars jarayonlari 2025-yil 3-sentabrdan boshlanadi.

OTMlarning 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa darslar 8-sentabrdan boshlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etiladi.

Haftalik doirasida talabalarni oliy ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishtirish, kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati va afzalliklarini tushuntirish hamda tanlov fanlarni maqsadli tanlash ishlari amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, talabalarda mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish, akademik halollik tamoyillari va kasbiy hamda shaxsiy rivojlanish masalalari targ‘ib qilinadi.

Avvalroq Spot talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi.