AQSh Davlat departamenti migratsiya qonunchiligining ehtimoliy buzilishlarini aniqlash uchun amaldagi Amerika vizasiga ega 55 mlndan ortiq xorijlikni keng ko‘lamli tekshiruvdan o‘tkazishni boshladi, deya xabar bermoqda Associated Press.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv barcha toifadagi vizalarni, jumladan, talaba, mehmon, ishchi va ko‘p martalik sayyohlik vizalarini qamrab oladi. Bu AQSh hududida va undan tashqarida bo‘lgan chet elliklarga ham tegishli.

Tekshiruv doirasida Davlat departamenti vizani bekor qilish uchun asoslar mavjudligini o‘rganadi. Bular qatoriga AQShda qonuniy bo‘lish muddatini buzish, jinoyat sodir etish, jamoat xavfsizligiga tahdid solish, terrorchilik faoliyatida qatnashish yoki terroristik tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kabi holatlar kiradi.

Ilgari nazorat asosan talabalar va tashrif buyuruvchilar vizalari egalariga qaratilgan edi, endi esa u barcha chet el fuqarolariga tatbiq etilmoqda.

Yangi viza talabgorlari uchun qoidalar ham qat’iylashtirildi. Bunda AQSh konsulxonalarida ular ijtimoiy tarmoqlar va ilovalardagi hisoblarini tekshirish imkoniyati bilan suhbatdan o‘tishlari, shuningdek, qurilmalarida maxfiylik sozlamalarini o‘chirib qo‘yishlari talab etiladi.

Shu bilan birga, AQSh rasmiylari xorijiy yuk mashinalari haydovchilari uchun ish vizalari berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, bu og‘ir yuk mashinalarini boshqarayotgan xorijliklar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib, uning fikricha, bu yo‘llardagi xavfsizlikka tahdid soladi va amerikalik haydovchilarning daromadlarini kamaytiradi.

Avvalroq haydovchilarga ingliz tilida erkin gapirish va o‘qish talabi qo‘yilgandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi cheklov kadrlar yetishmovchiligini boshdan kechirayotgan transport sektori kompaniyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq rasmiylar choralar ta’minot zanjirlarining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Avgust oyi boshida AQSh viza olish uchun $15 minggacha garov puli joriy qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Garov $5000dan $15 minggacha bo‘lib, tartib mamlakatda qolish muddatlari buzilishi yuqori bo‘lgan va hujjatlari yetarlicha nazorat qilinmaydigan mamlakatlardan kelganlarga amal qiladi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklarga AQSh vizasi olish talablari yengillashtirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek, AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilish rejalashtirilgan.