WhatsApp jamoasi test rejimida foydalanuvchilarga matn yozish va xabarlarni to‘g‘ri tuzishga yordam beradigan sun’iy intellekt (SI) modelini ishga tushirdi. Bu haqda Macrumors nashri xabar berdi.
Yangi funksiya WhatsApp’ning iPhone uchun so‘nggi beta-versiyasida topildi. SI yordamchi tugmasi giflar va stikerlar bo‘limlari orasida joylashgan.
Foydalanuvchi uni bossa, xabar uchun qoralama yozish mumkin bo‘lgan maydon paydo bo‘ladi. So‘ngra sun’iy intellekt mazmunni tahlil qilib, bir nechta maqbul variantni taklif etadi.
Yuborishdan oldin xabar uslubini tanlash imkoniyati bo‘ladi. Jami 5 ta uslub mavjud:
- Rasmiy;
- Hazil-mutoyibali;
- Do‘stona;
- Tahrir qilingan (asl matnning xatolarini to‘g‘rilaydi);
- Qayta ifodalangan (maqsadga muvofiqroq sinonimlarni tanlaydi).
Qayd etilishicha, bu funksiya Meta AI chat-boti asosida ishlaydi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, xabarlar mazmuni uchinchi shaxslarga uzatilmaydi va to‘liq shifrlash bilan himoyalangan.
Meta qaysi matnlar inson tomonidan yozilgani yoki sun’iy intellekt tomonidan yaratilganini ko‘ra olmaydi. Suhbatdosh ham siz yuborgan xabar sun’iy intellekt tomonidan yaratilganini bilmaydi.
WhatsApp’da matnlarning sun’iy intellekt muharriri funksiyasi messenjerning keyingi yangilanishlari doirasida bir yil ichida paydo bo‘ladi.
Avvalroq Spot WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tmasdan yozishish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
Yangi funksiya foydalanuvchilarga messenjerda ro‘yxatdan o‘tmagan odamlar bilan muloqot qilish imkonini beradi.