“Signaldan so‘ng ovozli xabar qoldiring…” — bu jumlani kerakli abonentga bog‘lana olmagan deyarli barcha odamlar eshitgan. Endi shunday xususiyat WhatsApp’da ham paydo bo‘ladi.
Android uchun mo‘ljallangan messenjerning so‘nggi sinov versiyasida avtomatik javob beruvchining ovozli pochtasiga o‘xshash funksiya topildi.
Agar foydalanuvchi audio qo‘ng‘iroq orqali kerakli kontaktga bog‘lana olmasa, ekranning pastki qismida yangi “Ovozli xabar yozish” tugmasi paydo bo‘ladi.
Bu tugma “Qo‘ng‘iroqni tugatish” va “Qayta qo‘ng‘iroq qilish” tugmalari orasida joylashgan. Uni bosganingizda, ovozli xabar yozish avtomatik ravishda boshlanadi.
Bu xabarda qo‘ng‘iroq maqsadini qisqacha aytib o‘tish, suhbatdoshni shoshilinch holat haqida ogohlantirish yoki tez orada qayta qo‘ng‘iroq qilishni so‘rash mumkin.
Yozib olingan ovozli xabar suhbatdoshning chatiga o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroq haqidagi bildirishnoma bilan birga yuboriladi.
Ikkala bildirishnoma birlashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchi ovozli xabar aynan o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqqa tegishli ekanligini tushunishi uchun xizmat qiladi.
WaBetaInfo mutaxassislarining ma’lum qilishicha, funksiya Google Play Store’dan Android uchun WhatsApp beta-versiyasining so‘nggi yangilanishlarini o‘rnatgan ayrim beta-sinovchilar uchun mavjud.
Qayd etilishicha, yaqin haftalar ichida bu imkoniyat yanada ko‘proq foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
Avvalroq Spot WhatsApp’da foydalanuvchi o‘rniga xabarlar yozadigan yangi funksiya paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
Messenjerda matnlarni tahrirlash uchun to‘g‘ri so‘zlarni tanlashga yordam beradigan sun’iy intellekt muharriri ishga tushiriladi.