Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida maʼlum qilindi.
Farmonga ko‘ra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
- sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
- sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
- Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.
“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi.
Shundan so‘ng, murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi. Sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi.
Yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi. 1 yil davomida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.
2026-yildan my.sud.uz interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish moduli joriy etiladi. Bunda sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi yaratiladi, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud maʼlumotlari avtomatik yetkaziladi.
2026-yil yakunigacha fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, sudning axborot tizimidagi Shaxsiy kabinet platformasining foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan yangi versiyasi ishlab chiqiladi.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev 21-avgust kuni sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda ma’muriy va iqtisodiy ishlarni hududlardan tashqarida ko‘rib chiqishga ruxsat berilishi aytilgandi.