O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 305 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 51 so‘m 29 tiyinga pasaydi.
Dollarning rasmiy kursi 2023-yil 7-dekabridan beri bunday eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.
Spot ekspertlarning dollar qadrsizlanishi, oltin eksporti va pul o‘tkazmalarining o‘sishi hamda so‘m mustahkamlanishi haqidagi fikrlarini taqdim qildi.
Tahlilchilarning fikricha, mamlakatga valyuta oqimining kirib kelishi so‘m barqarorligiga yordam beradi. Biroq, uning mustahkamlanishi import tovarlarining arzonlashishiga ta’sir qilmasligi mumkin. Yil oxiri bilan dollar kursi 12 700−12 800 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.