Telegram asoschisi, milliarder Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan bir yil o‘tib Fransiyada unga qarshi olib borilgan jinoiy tergov natijalarini sarhisob qildi.
Uning ta’kidlashicha, fransuz tergovchilari Telegram asoschisi va uning kompaniyasi nimada aybdor bo‘lishi mumkinligini hali ham topa olmagan, bir yil avval hibsga olinishiga esa majburiy yuridik so‘rovlar tartibini bilgan fransuz politsiyasining xatosi sabab bo‘lgan.
“Yirik platforma bosh direktorini uning foydalanuvchilari xatti-harakatlari uchun hibsga olish nafaqat misli ko‘rilmagan holat edi — bu yuridik va mantiqiy jihatdan bema’nilik edi”, — deb yozgan Durov o‘z postida.
Durovning qo‘shimcha qilishicha, fransuz tergovchilari “men yoki Telegram aybdor bo‘ladigan hech narsa topa olmayapti”.
Milliarder “bu g‘alati qamoqqa olish"dan bir yil o‘tganini eslatdi. Uning aytishicha, ish bo‘yicha apellyatsiya sanasi hali belgilanmagan, Telegram asoschisi esa har 14 kunda Fransiyaga qaytib turishga majbur ekan.
Uning yana qo‘shimcha qilishicha, qamoqqa olishning yagona natijasi “Fransiyaning erkin davlat sifatidagi obro‘siga katta zarar yetkazish bo‘ldi”.
Durovning so‘zlariga ko‘ra, u 2024-yil avgustigacha Yevropa Ittifoqi va Fransiya qonunlarini e’tiborsiz qoldirgan va Telegramga so‘rovlarini talab qilinadigan qonuniy tartib orqali yubormagan Fransiya politsiyasining xatosi tufayli hibsga olingan.
Fransiya huquq-tartibot idoralari Durovni 2024-yil 24-avgust kuni Le Burje aeroportida qo‘lga oldi. Keyinchalik u 5 mln yevro garov evaziga qo‘yib yuborildi va Fransiyani tark etishi taqiqlandi.
Keyin sud milliarderning nazorat shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirdi va unga bir necha haftaga mamlakatni tark etishga ruxsat berdi.
Durovga noqonuniy tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun onlayn platformani boshqarishda ishtirok etish, vakolatli organlarga ularning so‘roviga ko‘ra ma’lumotlar yoki hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish, uyushgan guruh tarkibida jinoyatlarni yashirish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Milliarder platforma yordamida uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblov e’lon qilishni “noto‘g‘ri yondashuv” deb atadi.
Durovning qayta so‘roq qilinishi
Telegram rahbari 28-iyul kuni Parij sudida messenjerning jinoiy faoliyatga aloqadorligi bo‘yicha ish doirasida qayta so‘roq qilinayotgani xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, Pavel Durov Parij sudiga qora kostyum va kepkada to‘rt nafar advokat — David-Olive Kaminski, Kristof Ingren, Robin Binsar va Isaak Arnu hamrohligida kelgan.
Sud binosida u o‘z ishini olib borayotgan ikki tergov sudyasining xonasiga yo‘l oldi. Advokatlar izoh berishdan bosh tortdilar.
Parij prokuraturasining ta’kidlashicha, Durov ishi bo‘yicha yangi ma’lumotlar yo‘q, tergov davom etmoqda. Ishdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, advokatlar ish bo‘yicha Parij apellyatsiya sudiga turli iltimosnoma va shikoyatlar kiritgan.
Shuningdek, ish doirasida Yevropa Ittifoqi sudiga “konstitutsiyaviylikka oid ustuvor masala” va “dastlabki sharhga oid masala” topshirilgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Spot Telegram tinglanayotgan qo‘shiqni profilda ko‘rsatishni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Profilga shaxsiy suhbatlardan yoki boshqalarning pleylistlaridan turli qo‘shiqlarni qo‘shish orqali to‘liq ommaviy pleylist yaratish mumkin.