Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ekoturizm kompleksi quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-avgust kuni tumandagi Janubiy Surxon suv ombori hududida joylashishi rejalashtirilayotgan ushbu ekoturizm kompleksi qurilishiga start berildi.
Loyiha jami 15,7 gektar maydonda amalga oshiriladi, kompleksning umumiy qiymati 140 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Uning doirasida yangi yashil maydonlar, ekologik talablarga javob beradigan yo‘l va infratuzilmalar, suv tozalash tizimlari quriladi.
Shu bilan birga, majmuada zamonaviy kottej uylari va basseynlar, avtoturargoh, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo va umumiy ovqatlanish maskanlari, suv usti ayvonlari, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari hamda piyodalar yo‘laklari barpo etiladi.
“Majmuaning ishga tushirilishi tabiiy resurslarni asrab-avaylagan holda turizm sohasini rivojlantirishga hamda mahalliy aholi uchun daromadli ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Iyun oyi boshida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Sangardak yirik sayyohlik markazining qurilishi boshlangandi. Umumiy qiymati 913,3 mlrd so‘mni tashkil etadigan loyiha 615 gektar maydonni qamrab oladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonning to‘rtta hududida yirik kurort tashkil etilishi haqida yozgandi.