O‘zbekistonda real maoshlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga qaraganda sekinroq o‘smoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yilning ikkinchi choragidagi mehnat bozoriga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.
Aprel-iyun oylarida nominal hisobda ish haqi yil davomida 17,2%ga, real hisobda esa 7,3% ga oshdi. Natijada o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln so‘mga yaqinlashdi.
Eng yuqori maoshlar moliya va sug‘urta, shuningdek, axborot-kommunikatsiya sohalarida qayd etildi — mos ravishda 16,3 mln va 14,8 mln so‘m.
O‘tgan chorakda axborot, transport va ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi real va nominal hisobda boshqa sohalarga nisbatan yuqori o‘sdi. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida kuzatildi: nominal hisobda yil davomida 6,1% ga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, real hisobda 2,8% ga pasayish kuzatildi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, so‘nggi choraklarda O‘zbekistonda maoshlar mintaqadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan sekinroq o‘smoqda.
Xususan, yanvar-mart oylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida real ish haqining o‘sishi o‘rtacha 9,8%ni (Janubiy Kavkazning ayrim mamlakatlari bilan birga — 9,1%), O‘zbekistonda esa 7,2%ni tashkil etdi.
“Iqtisodiyoti o‘xshash mamlakatlarga nisbatan ushbu farqning uzoq muddat saqlanib qolishi O‘zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va kelajakda talabning zaiflashishiga olib keladi”, — deya ogohlantirdi regulyator.
Ikkinchi chorakda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori $91ni tashkil etdi (1-avgustdan — 1,27 mln so‘m yoki $100dan). MDH davlatlarida eng yuqori eng kam ish haqi Belarus ($243), Ozarbayjon ($235) va Mo‘g‘ulistonda ($222) kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda yillik eng kam ish haqining aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMga nisbati 35%ni tashkil etdi. Markaziy bank tushuntirishicha, bu ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishi daromadlarning bir tekis taqsimlanganligini, aksincha past bo‘lishi esa notekis taqsimlanganligini anglatadi.
Mintaqa davlatlari orasida Qozog‘iston (14%), Qirg‘iziston (14%), Gruziya (12%) va Armanistondan (27%) tashqari, qolgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkichlar yuqori va o‘zaro taqqoslanarli: Tojikiston (48%), Belarus (35%), Mo‘g‘uliston (40%) va Ozarbayjon (39%).
Avvalroq Spot Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari aprel-iyunda 65,6% ga oshgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, AQSh, Rossiya va Yevropadan keladigan tushumlarning o‘sish sur’ati sekinlashgan, Osiyo mamlakatlaridan esa barqarorlashgan.