O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlandi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Qayd etishicha, mukofotlar O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tibori va nufuzini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun berilgan.

Xususan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini oldi. Markaziy banki raisi Timur Ishmetov esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Jami 34 nafar xodim “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bular qatorida O‘zsanoatqurilishbank boshqaruvi raisi Aziz Akbarjonov, Asaka bank boshqaruvi raisi Qudratilla Tulyaganov hamda O‘zbektelekom boshqaruvi raisi Nazirjon Hasanovlar bor.

Yana 32 nafar xodim, jumladan, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari Tulkin Abdusattarov, Akmal Abidov, Diyorbek Bekmirzayev va boshqalar, shuningdek, prezident Administratsiyasining mas’ul xodimi Jasurbek Avezov Sodiq xizmatlari uchun medali bilan mukofotlandi. Ular qatorida quyidagilar ham bor:

  • Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jahongir Abdiyev;
  • Kadastr agentligi direktorining o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev;
  • Mikrokreditbank boshqaruvi raisi Orif Butayev;
  • Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) direktori Shuhrat Qodirov;
  • Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova;
  • Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev;
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov;
  • Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev va boshqalar.

Jami 14 nafar 100 yoshdan oshgan nuroniylarga “Shuhrat” medali berildi. Undan tashqari, 67 nafar turli soha vakillari ham mazkur medal bilan mukofotlandi.

Avvalroq, Spot prezident yana 7 nafar tadbirkorni mukofotlagani haqida yozgandi. Jumladan, UzBev raisi Alfiya Musina, BI Group xoldingi direktorlar kengashi raisi Aydin Raximbayev hamda Lider Kabel Group rahbari Yusufbek Zoitbekovlar taqdirlandi.