O‘zbekistonda homiylik xayriyalarini yig‘ishning aniq tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli qonun davlat rahbari tomonidan imzolandi.
Endi mansabdor shaxslar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga noqonuniy aralashish BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,88 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzgan fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,24 mlndan 2,06 mln so‘mgacha) jarima solinadi.
Xuddi shunday holatda mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (2,06 mlndan 2,88 mln so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi.
Qonun bilan, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi aniq belgilandi. Unga ko‘ra, homiylik xayriyalarini yig‘ish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, oldindan eʼlon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi.
Homiylik tashkilotlari tomonidan homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida amalga oshiriladi.
Biroq, bundan naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini ularning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazish hollari mustasno.
Xayriya qutisi shaffof bo‘lishi va uni ochish joyi tegishli belgilangan shaxslar shaxs tomonidan imzolangan hamda muhrlangan qog‘ozli plomba yoki raqamlangan plomba bilan plombalangan bo‘lishi shart.
Avvalro, Spot investitsiya platformalaridan “qumdon” rejimida foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgan edi. Ushbu tartib joriy yilning 1-oktabridan joriy etilib, uning doirasida platformalardan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda foydalanish mumkin.