O‘zbekistonda Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Farmondan maqsad telekommunikatsiyalar xizmatlari bozorida erkin raqobat muhitini shakllantirish, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yana-da yaxshilashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish hisoblanadi.
Hujjat bilan, agentlik operator va provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining belgilangan talablarga muvofiqligini har oyda kamida bir marta monitoring qilib boradi.
Agentlik moliyaviy va tuzilmaviy jihatdan hamda vakolati doirasida qaror qabul qilishda mustaqil hisoblanadi. Agentlik boshqaruv xodimlarining shtatlar soni 31 ta etib belgilanadi.
Bir oy muddatda agentlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinishi belgilangan.
Iyun oyida Xitoy Eksimbanki O‘zbekistonning telekommunikatsiya sohasiga $500 mln qarz ajratishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, investitsiya platformalaridan “qumdon” rejimida foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.