O‘zbekistondagi turistik obyektlarning tungi vaqtda faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida keltirilgan.
Xususan, farmon bilan hukumat, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, SSP hamda IIVga 2025-yil dekabriga qadar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.
Ushbu qaror loyihasida madaniy meros obyektlari va muzeylarga kirish chiptalarini raqamlashtirish hamda oldindan xarid qilish imkoniyatini yaratish belgilanadi. Shu bilan birga, u turizm obyektlarining tungi vaqtdagi faoliyatini tashkil etishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasiga prezident qarori loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.
Unda tegishli moddiy madaniy meros obyektlarini DXSH asosida uzoq muddatga ijaraga berishning yagona Heritage Hotels of Uzbekistan dasturi ishga tushiriladi. Davlat sherigi sifatida shu nomdagi davlat muassasasi shaklida direksiya tashkil etiladi. Obyektlarda restavratsiya-tiklash ishlari ushbu sherik bilan byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, xalqaro yuqori toifali mehmonxona tarmoqlari jalb qilinadi, butik mehmonxonalar tashkil qilish davlat tomonidan rag‘batlantiriladi.
Ushbu dastur ishtirokchilari foyda, mol-mulk va yer solig‘idan muayyan muddatga ozod etiladi hamda bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.
Mamlakatda turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqilishi belgilangan. Bunda platforma orqali joylashtirish vositalarini onlayn band qilgan O‘zbekiston fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MyID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tishga ruxsat beriladi.
Spot, avvalroq, Qatar kompaniyalari O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi va mehmonxona biznesiga investitsiyalar kiritishi haqida yozgandi.