Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasini tasdiqlagani haqida yozgandi.
Prezident joriy yil yakuniga qadar ko‘p qavatli uylarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha farmon loyihasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Hujjat sohani raqamlashtirishni nazarda tutishi, shuningdek, uy-joylarni kapital ta’mirlashdagi ustuvorliklarni belgilashi kerak.
Boshqaruv kompaniyalariga issiq va sovuq suvni hisobga olish uskunalarini o‘rnatish va plombalash vakolatini berish rejalashtirilmoqda. Ular tekshirish uchun ularni o‘chirib qo‘yishlari va jarayon tugagandan so‘ng qayta o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, qarorda uylarning energiya samaradorligini oshirish va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash ko‘zda tutilgan.
1991-yilgacha qurilgan binolarning elektron pasportini yaratish, ulardagi energiya iste’molini yaxshilash uchun xalqaro tashkilotlar mablag‘larini jalb etish vazifasi qo‘yilmoqda.
Vazirlar Mahkamasiga sentabr oyi oxirigacha qarzdorlik uchun elektr tarmog‘idan uzilgan va uni to‘lagan kompaniyalar uchun jarimalarni bekor qilish, shuningdek, qo‘llanilgan summalarni hisobdan chiqarish topshirildi. Gaz va elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha barcha shartnomalar elektron shaklga o‘tkaziladi.
Yana bir qaror loyihasida korxonalar tomonidan quyosh fotoelementlarida o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini qabul qilish va uning uchun haq to‘lash tartibi belgilanishi kerak bo‘ladi. Uni oktabrgacha ishlab chiqish topshirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda poytaxtda elektr tarmoqlarini yaxshilashga 2 trln so‘m yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. Ishlar 2026-yil sentabr oyi oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Avgust oyi boshida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkent shahri aholisi va poytaxt tadbirkorlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 1,8 trln so‘m ajratilishi haqida gapirgandi. Mablag‘lar 14 ta yuqori kuchlanishli podstansiyadagi yuqori kuchlanishli transformatorlarni almashtirish, uskunalarni yangilash va kabellarni yotqizishga sarflanadi.
Joriy yil yakuniga qadar 374 km elektr tarmoqlari, 11 ta podstansiya va 62 ta transformatorni yangilash rejalashtirilgan. 2026-yilda mahallalarda yana 788 km tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi.
Avvalroq Spot Toshkentning energiya tarmoqlarini yangilashga $200 mln yo‘naltirilishi haqida yozgandi.