O‘zbekistonda futbol chiptalarini faqat shaxsni aniqlashdan so‘ng sotiladi. Bu haqda O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorida ma’lum qilindi.
2026-yil mart oyidan boshlab futbol o‘yinlariga chiptalarni sotib olish shaxsni identifikatsiya qilish texnologiyalari va QR-kodni o‘z ichiga olgan “maxsus onlayn axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi.
Prezident O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasining takliflarini ma’qulladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Legionerlar klubi” tashkil etiladi.
Mazkur klubga xorijda faoliyat yuritayotgan yuksak professional mahoratga ega o‘zbekistonlik futbolchilar va boshqa futbol mutaxassislari jalb qilinadi. Shuningdek, “Legionerlar klubi"ga akademiya va futbol maktablari biriktiriladi.
Sport vazirligiga nodavlat futbol ta’lim muassasalari va futbol klublarini tashkil etish uchun “Legionerlar klubi” a’zolariga davlat sport ta’lim tashkilotlarining bo‘sh turgan yer maydonlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ajratishga ruxsat beriladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston futbol klubi City Football Group tizimiga integratsiya qilinishini rejalashtirayotgani haqida yozgandi.