Fuqarolarni pul evaziga Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migratsiya agentligi xodimlari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Agentlikning Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga $41 ming olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur noqonuniy faoliyatni Migratsiya agentligi markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirildi va ushbu xodim ham yuqoridagi pul mablag‘idan $15 mingni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, xodimlar 2024-yili 80 nafardan ortiq fuqarolarni Koreyaga yuborish uchun $700 mingdan ortiq pullarni olib, hozirga qadar ularni sarson qilib yurgani maʼlum bo‘ldi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.
Avvalroq Spot xorijga ishga yuborishni noqonuniy reklama qilgan ikki bloger ishi sudga oshirilgani haqida yozgandi.