Avvalroq O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan mamlakatda “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etiladi. Dastur 2025-yil 1-oktabrdan boshlab mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha ishga tushiriladi.

Uning doirasida mahallalardagi bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Auksion savdolari g‘oliblariga obyektning qolgan qismidan foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi. Obyektlar sotilmagan taqdirda boshlang‘ich bahosi 10% dan, ko‘pi bilan 50% gacha pasaytirilgan holda va sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.

Shuningdek, davlat mulki obyekti bo‘lgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlanadi.

2024-yil boshida Davaktiv agentligi Paxtakor futbol klubi’ning 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ommaviy savdo jarayonlari boshlanganini ma’lum qildi. Futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazish prezidentning 2023-yilning bahorida qabul qilingan qarori bilan belgilangan.

Xaridorlar aktivni sotib olishda futbol klubining, shuningdek, “Paxtakor” futbol klubi akademiyasining faoliyatini saqlab qolishi, klubni rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqishi kerak edi. Biroq, bu keng jamoatchilik tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lib, stadionni ko‘chirish va uning o‘rnida yuqori qiymatli ko‘chmas mulk qurish xavfi yuqoriligi ta’kidlangandi.

Undan keyin Davaktiv agentligi “Paxtakor” futbol klubini xususiylashtirish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu qarorga jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar asosida kelingani qayd etilgandi.


Avvalroq O‘zbekistonda turistik obyektlarning tungi faoliyati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Muzeylarga kirish chiptalari raqamlashtiriladi va oldindan xarid qilish imkoniyati yaratiladi.