O‘zbekistonda kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, vaucher ishsizlarga, jumladan, “Kambag‘al oilalar reyestri"dagi oilalarning ishsiz a’zolariga yoki rasmiy daromadi bo‘lmagan ish qidirayotgan fuqarolarga beriladi.
Vaucher asosida kasb va xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ecosys.mehnat.uz tizimida ta’lim tashkilotlarining elektron reyestrini yuritadi.
Fuqarolar vaucher olish uchun vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlariga, mahalladagi hokim yordamchilari orqali yoki ecosys.mehnat.uz tizimi orqali murojaat qilishi mumkin.
Birinchi navbatda, ularga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi. Mutaxassisligi bo‘lmaganda yoki ish o‘rni ma’qul kelmaganda, vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, talabgor tizimda skoringdan o‘tkaziladi va belgilangan toifalarga kirsa, vaucher olish huquqiga ega bo‘ladi.
Vaucherdan 3 oy ichida foydalanish kerak bo‘lib, u orqali kasb yoki xorijiy tillarni o‘rganish istagini bildirgan shaxs bir marta bepul o‘qish huquqiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot ayrim tashkilotlarga elektron mehnat shartnomalarini tuzishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.
Malakasini oshirish istagidagi fuqarolarga qo‘shimcha taʼlim olish uchun kasb vaucheri beriladi. Faqat ishga joylashgach qarz mablag‘lari qaytariladi.