So‘nggi oylarda YouTube videoxostingi foydalanuvchilarning videolariga ularning ruxsatisiz va xabardor qilmasdan yashirincha sun’iy intellekt (SI) yordamida tahrir kiritgan. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

SI tomonidan videolarga kiritilgan o‘zgarishlar juda kichik bo‘lib, solishtirmasdan ilg‘ash qiyin. Masalan, ko‘ylakdagi burmalar aniqroq, yuz terisi esa silliqroq ko‘rinadi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi mualliflar bu holat ularning kontentiga g‘alati va noxush tuyg‘u berayotganini, go‘yo video sun’iy intellekt tomonidan yaratilgandek taassurot qoldirayotganini aytishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda shikoyatlar iyun oyida paydo bo‘lgan. Foydalanuvchilar g‘alati tana qismlarining yirik rejalarini joylashtirib, YouTube’ning maqsadlari haqida savollar berishgan.

Endi kompaniya YouTube Shorts’dagi ma’lum miqdordagi videolarga o‘zgartirish kiritganini tasdiqladi.

“Biz YouTube Shorts’dagi tanlangan videolarda tajriba o‘tkazmoqdamiz. Unda an’anaviy mashinali o‘rganish texnologiyalaridan foydalanib, videolarni qayta ishlash jarayonida qorayishlarni bartaraf etish va tasvirning aniqligini oshirish ustida ishlamoqdamiz”, — dedi YouTube tahririyat kontenti va mualliflar bilan aloqa bo‘limi rahbari Rene Richi.

Kompaniya vakilining aytishicha, YouTube eng yuqori video sifati va maksimal qulaylikni ta’minlash uchun doimiy ravishda ishlaydi hamda ushbu funksiyalarni ishlab chiqish va takomillashtirishda mualliflar va tomoshabinlarning fikr-mulohazalarini inobatga olishni davom ettiradi.

13-avgustdan YouTube AQShda voyaga yetmagan foydalanuvchilarni aniqlaydigan sun’iy intellektga asoslangan tizimni joriy etishi haqida xabar berilgandi.

Sun’iy intellekt hisobning yoshi va xizmatdagi xatti-harakatlarni tahlil qiladi. Agar foydalanuvchi 18 yoshdan kichik bo‘lsa, unga avtomatik ravishda cheklovlar yoqiladi.

Bunday foydalanuvchilar yoshga qarab cheklangan videolarni ko‘ra olmaydi va reklamalar moslashtirilmaydi. Shuningdek, ularga uzoq tomosha paytida tanaffus qilish taklif qilinadi.


Avvalroq Spot YouTube surat va matndan Shorts yaratish uchun SI vositalari qo‘shishi haqida yozgandi.

Endi foydalanuvchilar atigi bitta rasm yoki matndan video roliklar yaratishlari, shuningdek, murakkab video effektlarni qo‘llashlari mumkin.