Avvalroq Koreyaga ishga yuborish uchun pul olgan Migratsiya agentligi xodimlari ushlangani haqida xabar berilgandi. Agentlikning Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish evaziga $41 ming olgan vaqtida ushlandi.
U noqonuniy faoliyatni agentlik markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birga amalga oshirgan. Ular 2024-yilda 80 dan ortiq fuqarolardan Koreyaga yuborish uchun $700 mingdan ortiq pul olgan.
Migratsiya agentligi matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan izoh berdi. Taʼkidlanishicha, Migratsiya agentligi qayta tashkil etilgandan so‘ng, bugungi kungacha Koreyaga E-9 vizasi uchun hech qanday tanlovlar o‘tkazilmagan.
Ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklardan keyin, agentlik faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirildi.
“Agentlik xodimlari orasida o‘z kasbiga xiyonat qilgan, fuqarolarning ishonchi va haq-huquqlarini suiisteʼmol qilgan shaxslarning harakatlari keskin qoralanadi”, deyiladi xabarda.
Migratsiya agentligi, o‘z navbatida, fuqarolarni ogohlantirdi. Xususan, agentlik faoliyati bilan bog‘liq shubhali holatlar yoki qoidabuzarliklarga guvoh bo‘lganda 71−202−44−11 telefon orqali yoki 12−82 qisqa raqam orqali murojaat qilish so‘raldi.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.
Avvalroq Spot xorijga ishga yuborishni noqonuniy reklama qilgan ikki bloger ishi sudga oshirilgani haqida yozgandi.