Spotify striming xizmatida yangi funksiya — boshqa musiqa muxlislari bilan muloqot qilish uchun o‘rnatilgan messenjer paydo bo‘ldi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangilik premium obunachilar uchun ham, obuna bo‘lmagan foydalanuvchilar uchun ham mavjud.

Boshqa Spotify foydalanuvchisi bilan muloqotni boshlash uchun istalgan qo‘shiq, podkast yoki audiokitobni tanlash va “Ulashish” tugmasini bosish talab etiladi.

Keyin havolani boshqa odamga yuborish kerak. Agar suhbatdosh uni ochsa, avtomatik ravishda yangi chat hosil bo‘ladi.

messenjer, spotify

Chatlarda quyidagilar mumkin:

  • treklar, albomlar, pleylistlar, podkastlar, audiokitoblarni vidjet shaklida yuborish;
  • matnli xabarlarni yuborish;
  • emoji yuborish;
  • xabarlarga munosabat bildirish.

Premium obunani baham ko‘rganlar yoki bir xil umumiy pleylistga obuna bo‘lganlar bilan ham suhbatlar yaratish mumkin. Spotify vakillari barcha xabarlar boshdan-oxirigacha shifrlash bilan himoyalangan, deb ta’kidlaydilar.

Ovozli yoki video doiralarni yuborish imkoniyati mavjud emas. Yozishmalarni “Xabarlar” bo‘limidan topish mumkin.

messenjer, spotify

Foydalanuvchilar chatga takliflarni rad etishlari, boshqa foydalanuvchilarni bloklashlari yoki Spotify’da kimgadir shaxsiy xabarlar yuborishni butunlay taqiqlashlari mumkin.

Musiqachilar va yulduzlar yangi funksiyadan muxlislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun foydalana olishlari hozircha noma’lum.

Xabarlar funksiyasi yaqin haftalarda Spotify rasman taqdim etilgan ayrim hududlarda paydo bo‘ladi. Yangilik 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.


Avvalroq Spot Spotify foydalanuvchilar yoshini tekshirishni boshlashi haqida yozgandi.

Tekshiruv uchun selfi olish yetarli hisoblanadi. Agar tizim tekshiruv uchun fotosuratdan foydalanuvchining voyaga yetmaganligini aniqlasa, xizmat hujjatlarni so‘raydi.