Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida, Aydar-Arnasoy hududida turizm va ekologik uyg‘unlik asosida yangi ekoturizm maskani qurilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi maskan doirasida zamonaviy yondashuv asosida ekologik mehmon uylari, velosiped va piyoda sayr yo‘laklari, shuningdek, tabiatni asrashga xizmat qiluvchi axborot markazi ham barpo etiladi.
Qurilish ishlari uchun 60 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 190 nafardan ortiq ishchi faoliyat yuritmoqda.
Ekoturizm maskani 2025-yilning noyabr oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda sayyohlar uchun qulayliklar bilan birga, tabiatni muhofaza qilishga xizmat qiluvchi yechimlar — quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari, chiqindilarni saralash punktlari kabi infratuzilmalar ham o‘rnatiladi.
O‘zAning yozishicha, sayyohlik markazi “nafaqat dam olish uchun qulay joy, balki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va turizm sohasidagi siyosatining amaliy namunasi"ga aylanadi.
Avgust oyi boshida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi sayyohlik markazi uchun mo‘ljallangan Arnasoy aeroporti qurilishi haqida xabar bergan edi. AvroRJ’s SKY Telegram-kanali 22-avgust kuni yangi aerodrom birinchi samolyot — CASA C295W harbiy transport bortiga ega bo‘lganini yozgan edi.
Aerodrom parametrlari:
- uchish-qo‘nish yo‘lagi (UQY): uzunligi 1700 m, kengligi 30 m;
- rul yo‘lakchasi: uchish-qo‘nish yo‘lagidan samolyotlarning chiqishi va kirishi uchun bitta yo‘lak;
- samolyotlar uchun to‘xtash joylari: ATR-72 va L-410 turidagi havo kemalari uchun mo‘ljallangan 2 ta joy;
- yo‘lovchi terminali.
Uzbekistan Airports Arnasay aeroporti qurilishi haqida rasman xabar bermagan. Spot kompaniyaga murojaat qilgan, biroq hali javob olmagan.
Foto: Jamshid Yorbekov / O‘zA
Shavkat Mirziyoyevning iyul oyida Jizzax viloyatiga xizmat safari chog‘ida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida turizm klasteri qurilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatovning aytishicha, 29 gektar maydonni egallagan turistik klaster 2000 nafar dam oluvchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Uni ishlab chiqishda xalqaro tajriba, jumladan, Yevropaning qator davlatlari amaliyoti o‘rganildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 gektar maydon cho‘milish va quyoshda toblanish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Ushbu hududda quyoshdan himoyalovchi soyabonlar, plyaj yotoqxonalari, shiyponlar, yo‘laklar, plyaj kiyinish xonalari va xizmat ko‘rsatish obyektlari o‘rnatiladi.
Shifobaxsh balchiq zaxiralari mavjud bo‘lgan Aydarko‘l qirg‘og‘ida yozda va qishda ishlaydigan sanatoriy qurish rejalashtirilgan.
Foto: Jamshid Yorbekov / O‘zA
Shuningdek, har biri 2 tadan 4 tagacha kishini sig‘dira oladigan ko‘cha kapsulali mehmonxonalar quriladi. Ularning umumiy sig‘imi 110 kishini tashkil etadi.
“Fuqarolar xostellardagi eng arzon xonalarda yoki alohida kapsulali mehmonxonalarda yashashlari mumkin. Agar tashrif buyuruvchilar davolanishni istasalar, turli muolajalarni taklif qiluvchi sanatoriyda bir necha kun qolishlari mumkin”, — dedi Mirsoatov.
Bundan tashqari, sayyohlik klasteri hududida dam oluvchilar cho‘lda sayr qilishlari, kartingdan foydalanishlari va sport bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi.
Loyiha qiymati 220 mlrd so‘mni tashkil etadi. Natijada 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Turistik klaster bir vaqtning o‘zida 610 nafargacha dam oluvchilarni qabul qilishi mumkin.
Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov turizm klasteri loyihasi atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda yashil qurilish tamoyillari asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bir necha yildan so‘ng sayyohlik majmuasi Antaliya yoki Dubay qirg‘oqlaridagi dam olish maskanlaridan qolishmaydi.
Avvalroq Spot Surxondaryoda qiymati 140 mlrd so‘mlik ekoturizm kompleksi qurilishi boshlangani haqida yozgandi.
Loyiha Qumqo‘rg‘on tumanidagi Janubiy Surxon suv ombori hududidagi jami 15,7 gektar maydonda amalga oshiriladi.