Raqobat qo‘mitasining Uzbekistan Airways‘ga bergan ko‘rsatmasiga asosan isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligi taʼminlanadi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqaro aviaqatnovlari agar ikki tomonga tashuv bo‘yicha chipta olib, biron-bir sababga ko‘ra uchib ketish chiptasida birinchi reysdan foydalanmasa, uning qaytish yo‘nalishdagi chiptasi avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Qo‘mita Uzbekistan Airways ham 2011-yili Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan 2238-sonli qoidaga asosan shunday tartibda faoliyat yuritishini qayd etdi.
Masalan, yo‘lovchi Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketish va qaytishi uchun chipta sotib olgan. Maʼlum sabablarga ko‘ra Toshkentdan bo‘ladigan parvozga kelolmagan va o‘zi Urganchga mustaqil yetib borgan. Bunda uni Toshkentga qaytish uchun aeroportga kelganida birinchi parvozdan foydalanmagani uchun qaytish chiptasi bekor qilinadi.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasiga asosan, hujjatlar belgilangan isteʼmolchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas.
21-moddaga asosan esa, sotuvchi isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Mazkur masala yuzasidan Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasiga asosan Uzbekistan Airways tomonidan isteʼmolchilarga xayrihoxlik doirasida mahalliy yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda.
Xususan, parvozdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan yoki yo‘nalishning birinchi qismida reysga chiqish uchun ro‘yxatdan o‘tishga o‘z vaqtida kelmagan yo‘lovchi belgilangan vaqtdan kechiktirmay kompaniyaning vakolatli agentiga tashishdan voz kechish yoki sanani o‘zgartirish to‘g‘risida xabar berishi kerak bo‘ladi.
Bunda, yo‘lovchining chiptasi qayta rasmiylashtiriladi yoki dastlabki to‘langan tarif shartlariga muvofiq qaytariladi.
Biror sababga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish uchun kelmagan yo‘lovchi yo‘nalishning birinchi uchastkasida, tashishni davom ettirish niyati haqida xabar bermagan bo‘lsa, aviachiptani qayta rasmiylashtirmasdan yo‘nalishning keyingi uchastkalarida tashish uchun chiptadan foydalanishi mumkin.
Bunda, yo‘lovchi yo‘nalishning boshlang‘ich uchastkalari uchun foydalanilmagan chipta qiymatini qaytarish yoki qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilganda, yo‘nalishning boshlang‘ich uchastkasi uchun rasmiylashtirilgan foydalanilmagan parvoz kuponlari qiymatining 100% i miqdorida jarima ushlab qolinadi.
Yo‘lovchi tomonidan foydalanilmagan yo‘nalish uchastkalari uchun dastlabki aviachiptada ko‘rsatilgan aeroport yig‘imlari va aviakompaniya yig‘imlari summalari qaytarilishi yoki qayta rasmiylashtirilishi nazarda tutilmoqda.
“Buning natijasida Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar isteʼmolchilarning huquqlari himoyasini yana-da mustahkamlaydi. Ushbu o‘rinda, Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ushbu xarakatlarini olqishlaydi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Uzbekistan Airways yo‘lovchilar ma’lumotlarining sizib chiqishi haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar berilgandi.