Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 17-avgust kuni Osaka shahrida “EXPO 2025” butunjahon ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston milliy kuni muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston-Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yil boshida prezident Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, tashkilotning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatlagandi.
Unda xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
Avvalroq Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportga $200 mln sarmoya kiritishi haqida xabar berilgandi.