Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “Paxta terimi uchun 1 kilogrammiga 1 800 so‘m to‘lanadi” mazmunidagi xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi hamda rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan.

Joriy yilda mashina yordamida terilgan paxtaning 1 kg uchun narx 1 373 so‘mni tashkil etadi. Qo‘lda terilgan paxtaning 1 kg uchun 2 000 so‘m tavsiyaviy narx belgilangan.

Bunda terim vaqtida klaster, fermer xo‘jaligi rahbarlari va terimchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida narxni mustaqil belgilash amaliyoti qo‘llaniladi.

Shuningdek, paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash maqsadida davlat budjeti hisobidan 1 kg paxta uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.

Vazirlik bu paxta yetishtiruvchilar manfaatini himoya qilish, terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va agrar sohada barqarorlikni ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jahon bozorida paxta narxining keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.

Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10%i qoplab beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yili paxta yig‘im-terim mavsumida 1 tonna paxtani mashinalarda terib olish xizmat tariflarining tavsiyaviy miqdorlari ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.