Joriy yilning 1-sentabridan boshlab Latviyaga boradigan uchinchi davlat fuqarolari uchun yangi tartib kuchga kirdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Mamlakatning Immigratsiya to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan berilgan shengen vizasi yoki yashash guvohnomasi bilan Latviyaga tashrif buyuradigan uchinchi davlat fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun avvaldan xabardor qilish tartibi joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, Latviya tomonidan rasmiylashtirilgan viza yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lmagan uchinchi davlat fuqarolari eta.gov.lv sayti orqali o‘zlari hamda safar maqsadi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak.
Ro‘yxatdan o‘tish Latviyaga kelishdan kamida 48 soat oldin, shu jumladan, Latviya orqali tranzit harakatlanish uchun ham amalga oshirilishi zarur. Talabgor shaxsan o‘zi sayt orqali so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Ma’lumotlar saytga joylashtirilganidan keyin 48 soat o‘tgach talabgorlar elektron pochta orqali avtomatik ravishda xabardor qilinadi va alohida ruxsatnomani kutishga hojat qolmaydi. Sayohat rejalari o‘zgargan taqdirda, bu haqdagi ma’lumotlarni mamlakatga kirishdan oldin taqdim etish kerak.
Taqdim etiladigan ma’lumotlar quyidagilar:
- safar (kirish) maqsadi;
- rejalashtirilgan turish vaqti va joyi;
- safar yo‘nalishi;
- aloqa ma’lumotlari;
- talabgor yoki uning qarindoshi egallab turgan saylanadigan lavozimlardagi faoliyat yuritishi;
- saylovda nomzod sifatida qatnashganligi;
- davlat yoki mahalliy hokimiyat organlarida amaldorlik (hozirgi yoki sobiq) maqomi;
- Qurolli kuchlar, maxsus xizmatlar, chegara qo‘shinlari, bojxona, ichki ishlar, adliya yoki tashqi ishlar (shu jumladan diplomatik) xizmatlarda faoliyat olib borganlik haqidagi ma’lumotlar.
Qayd etilishicha, chet el fuqarosi zarur ma’lumotlarni taqdim etmaganligi, to‘liq bo‘lmagan yoki yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Bundan tashqari, Latviyaga 1-sentabrgacha kirib kelgan va mamlakatda bo‘lgan shaxslar tegishli ma’lumotlarni taqdim etishlari shart emas.
Shuningdek, yangi tartib diplomatik immunitetga ega shaxslarga, rasmiy vazifalarni bajarish yoki texnik qo‘llab-quvvatlash maqsadida qisqa muddatga Latviyaga kelayotgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Avvalroq o‘zbekistonliklar 25-sentabrdan Iordaniyaga vizasiz borishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi. Vizasiz rejim to‘g‘risidagi kelishuv 26-avgust kuni imzolangandi. Fuqarolar qirollikda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.