Migrantlarga bir qator kasblarni taqiqlash va jarima to‘lash muddatlarini qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Davlat dumasi deputati va nazorat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Dmitriy Gusev chet elliklar uchun taqiqlangan kasblar ro‘yxatini tasdiqlashni taklif etdi.
Tashabbus mualliflari bu g‘oyani chet elliklar “ish bahonasida kelib, oilalari bilan qolib, rossiyaliklar egallashi kerak bo‘lgan o‘rinlarni band qilayotgani” bilan asoslamoqda.
Ba’zi shaharlarda allaqachon qisman taqiqlar joriy etilgan — masalan, Sankt-Peterburg hokimiyati migrantlarga taksida ishlashni taqiqlagan.
Shu bilan birga, IIV chet elliklar uchun yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima to‘lash muddatini hozirgi 60 kundan bir sutkagacha keskin qisqartirishni taklif qildi.
Shuningdek, politsiya xodimlari to‘lovni amalga oshirmaganlarning avtomobillarini qarz to‘languncha ushlab turishni taklif qilmoqda.
Yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda arzon ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lib, mahalliy ishchilar taksi, qurilish va turli xizmat ko‘rsatish sohalarida raqobatlashmoqda.
Qayd etilishicha, hozir chet elda ro‘yxatdan o‘tgan mashina egalariga jarima to‘lash uchun bir oy beriladi, bu vaqt ichida ko‘pchilik mamlakatni tark etadi, deb hisoblaydi IIV. Shu sababli muddatlarni qisqartirish taklif etilmoqda.
Tashabbuslarning rasmiy maqsadi rossiyaliklar uchun mehnat bozorini himoya qilish va yo‘llarda intizomni oshirishdan iborat.
Taqiqlar migrantlarni “kamroq haq evaziga” yollash amaliyotini qisqartirishi, jarimalarni to‘lashning qat’iy muddatlari esa qoidabuzarlarning davlat bilan hisob-kitob qilmasdan mamlakatni tark etishining oldini olishi ko‘zda tutilgan.
Tashabbus mualliflari, shuningdek, xorijliklarga vaqtinchalik ish formatini taklif qilmoqchi, shundan so‘ng ular o‘z vatanlariga, oilalariga qaytishlari mumkin. Hozirgi kunda asosiy muammo shundaki, ishlash uchun kelgan migrantlar o‘z oilalarini ham shu yerga olib kelishmoqda.
Qoidalarning qattiqlashtirilishi migrantlar uchun ishga joylashish imkoniyatlarini cheklaydi va ma’muriy jazo xavfini oshiradi.
Ish beruvchilar va xizmatlar uchun esa kadrlar tanqisligi va xarajatlarning ko‘payishi mumkin — ish beruvchilar ishga qabul qilish va to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqishlari kerak bo‘ladi.
Masalan, Sankt-Peterburgda taksi agregatorlariga yangi qoidalar bo‘yicha ishlashga moslashish uchun 3 oy muddat berildi.
Davlat budjeti va huquq-tartibot uchun nazariy jihatdan yangi qoidalar qoidabuzarlarning jazosiz qolishini kamaytirishi va jarimalardan qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.
Avvalroq Spot 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida migrantlarga Amina ilovasini o‘rnatish majburiy bo‘lishi haqida yozgandi.
Xizmat yashash manzilini nazorat qilish maqsadida geolokatsiya ma’lumotlarini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.