Ichki o‘qishni ko‘chirish natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining biridan vazirlik tizimidagi oliy ta’lim tashkilotlariga mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuborilgan arizalar to‘liq ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosalar shakllantirildi.
Talabalar o‘z arizalari natijasini transfer.edu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali bilishlari mumkin.
O‘qishi ko‘chirilishiga tavsiya etilgan talabalar o‘qishi ko‘chirilayotgan oliy ta’lim tashkilotlariga murojaat qilishlari lozim.
15-iyuldan 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi.
Bunda 2 ta uzrli sababga ko‘ra, bir OTMdan boshqasiga yoki bir OTM doirasida transfer.edu.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin edi. Arizalar 5-avgustga qadar qabul qilindi.
Avvalroq magistratura natijalari e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. Natijalarni my.edu.uz tizimi orqali talabgorlar o‘zlarining shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.