Avvalroq Spot Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 5 ta xususiy oliygohga xatolik sabab litsenziya berilganini ma‘lum qilgani haqida yozgandi.

Vazirlik abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat qilib, ushbu OTMlar uchun qabul amalga oshirilishi mumkin emasligini bildirdi.

Bunda ularning yangi qo‘shilgan ta‘lim yo‘nalishlari, ta‘lim shakllari va faoliyat manzillariga qabul amalga oshirilmaydi.

Xususiy OTMlarga o‘qishga kirishda ularning litsenziyalarini sinchiklab tekshirish (QR-kod orqali) va holati “Faol” bo‘lgan litsenziyasida ko‘rsatilgan faoliyat manzillari, yo‘nalishlar hamda ta‘lim shakllarini tanlash tavsiya etildi.

Buning uchun “Litsenziya” axborot tizimiga kirib, abituriyent o‘zini qiziqtirgan nodavlat oliy ta‘lim tashkilotining STIR raqamini kiritadi. U orqali OTMning amaldagi litsenziyasida ko‘rsatilgan faoliyat manzillari, ta‘lim yo‘nalishlari va ta‘lim shakllarini tekshirish mumkin.

Oliy taʼlim vazirligi 29-avgust kuni license.gov.uz axborot tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar bergandi. Natijada, ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat OTMlarning amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.

Undan keyin Adliya vazirligi tizimda texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagani va tizim shtat rejimida ishlayotganini ma‘lum qildi.

Spot, avvalroq, Vazirlar Mahkamasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagani haqida yozgandi. Taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risida arizalar kelgusi o‘quv yilida faoliyatini boshlash uchun har yili 1-oktyabrdan kelgusi yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi.