O‘zbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ko‘chmas mulk QQSni hisobga olgan holda sotib olinishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10% ga yaqini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan, qolgan 90%i esa soliqsiz sotib olinadi.
“Jismoniy shaxslar uchun 4−5% [soliq] keshbekini joriy etish haqida fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, 5−6% [oldi-sotdi bitimi summasidan] keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu [qurilishda yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq] vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?”, — dedi u.
Bungacha Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov hozirda prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qarori loyihasi idoralararo kelishuvdan o‘tayotganini ma’lum qilgandi. Qurilish sohasida yashirin iqtisodiyotning eng yuqori ulushlaridan biri qayd etildi.
O‘zbekistonda qurilish sohasidagi yashirin iqtisodiyotning ulushi 41% deb baholanmoqda — bu 97 trln so‘mni tashkil etadi. To‘lanmagan soliqlar miqdori 1,2 trln so‘mni, aniqlangan o‘g‘irliklar esa 203 mlrd so‘mni tashkil qiladi. 2024-yilda sohada xodimlarning yarmidan ko‘pi norasmiy ishlagan — 322 ming kishi norasmiy, 294 ming kishi esa rasmiy band bo‘lgan.
O‘tgan yili tuzilgan bitimlarning 11%ida uy-joyning har kvadrat metri narxi 8 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan, qolgan 83%ida esa pastroq bo‘lgan — 39% holatlarda 5 mln so‘mgacha, 44%ida esa 5 mlndan 8 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Turar joylarning oldi-sotdisida qiymatni pasaytirib ko‘rsatish oqibatida 126 ming kvadrat metr uy-joy (10 mingta xonadon) har kvadrat metri uchun atigi 1,2 mln so‘mdan ($100 dan kam) rasmiylashtirilgan. Natijada, ana shunday uy-joylardan 1,9 trln so‘m soliq tushumi ta’minlanmagan.
914 ta obyekt qurilishida ishlar hajmi kamaytirib ko‘rsatilgani sababli budjetga 243 mlrd so‘m tushmagan, o‘z muddatida qurilgan 1,5 mingta obyekt hisobga qo‘yilmagani sababli 200 mlrd so‘m mol-mulk va yer solig‘i hisoblanmagan.
6,3 mingta obyektda 1 nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimlar mavjud. Oqibatda bir kishiga bir necha milliard so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ri kelmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etilishi haqida yozgandi.
2026-yildan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Bu tartib buzilsa, tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.