Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Muzokaralar yakunida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha hamkorlik dasturi imzolandi.

Shuningdek, madaniyat markazlarini o‘zaro taʼsis etish hamda tibbiy xizmatlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar almashildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida quyidagi kelishuvlar ham imzolandi:

  • O‘zbekistonga zemsnaryadlar (texnik kema) berish loyihasining ikkinchi bosqichini loyihalashtirish bo‘yicha;
  • texnik-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida;
  • muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
  • O‘zbekistondan Xitoyga qovun va bodom eksport qilishda fitosanitariya talablari to‘g‘risida;
  • kosmik fanlar, texnologiyalar va kosmik faoliyat natijalaridan tinchlik maqsadlarida foydalanishda hamkorlik qilish to‘g‘risida;
  • raqobat siyosati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
  • inson resurslarini rivojlantirish sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha;
  • raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha;
  • Samarqand viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida;
  • O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Xitoy Xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida.

Shavkat Mirziyoyev SHHT doirasida Energetika konsorsiumi va sayyohlik yo‘lagini ishga tushirishni taklif qildi. Prezident raqamli platformalar va yashil yo‘laklar yaratishni nazarda tutuvchi konsepsiyani ishlab chiqish, Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘ini joriy etish taklifini ilgari surdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni 130 tagacha oshirilishi haqida xabar berilgandi.