Namangan shahrida hokimga nisbatan, Toshkent viloyatida bosh mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona rahbari o‘zaro til biriktirgan.

Ular fuqarodan shahardagi 35 sotix yerda joylashgan maʼnan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga $60 ming talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab korxona rahbari so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi hokimlikning devonxona mudiri orqali korxona rahbaridan $60 mingni olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda hokim deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora olish, juda ko‘p miqdorda) bilan, korxona rahbariga nisbatan esa 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Maʼlumot uchun, Anvarjon Otaxo‘jayev 2023-yilning dekabridan buyon Namangan shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, Zangiota tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi fuqaroning uyi yonidagi va davlat zaxirasida bo‘lgan 8 sotix yerni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun uning nomiga rasmiylashtirish evaziga $40 ming talab qiladi.

U bu ishni tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali qilmoqchi bo‘lgan. Mutaxassis puldan $20 mingni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” (juda ko‘p miqdorda pora berish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq fuqarolarni pul evaziga Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migratsiya agentligi xodimlari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.